So'nggi yangiliklar
ASOSIY VAZIFA – SUVNI TEJASH, UNDAN SAMARALI FOYDALANISH


2026-yil 26-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida “Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion modeliga o‘tish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanishning istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.Tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etildi. Unda quyi palata deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida “Cuv resurslaridan oqilona foydalanish va innovatsion resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishdagi islohotlar”, “Suvchilar maktabi: yangi avlod uchun yangi imkoniyatlar”, “Suv xo‘jaligida ilmiy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, ilm va ishlab chiqarish uzviyligi” mavzularida taqdimotlar qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohani boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirishga qaratilgan qator farmon va qarorlari bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining qabul qilinishi esa mamlakatda suv munosabatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash uchun muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan suv boshqaruvini takomillashtirish yo‘nalishida bir qator muhim normalar belgilandi. Mazkur kodeks mamlakatda suv resurslarini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
2026-2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish belgilangan. Bu nafaqat suv sarfini qisqartirish, balki hosildorlikni, mineral o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligini oshirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar qamrovini yana kengaytirish maqsadida Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2024-yildan boshlab suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga “suvkredit.uz” platformasi orqali 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kreditlar ajratilishi belgilangan.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha loyihalarga tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 10 foizdan oshadigan qismini Davlat budjetidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi global sharoitda suv tanqisligi dunyo miqyosida jiddiy muammoga aylanib bormoqda, O‘zbekiston sharoitida suv resurslarining cheklangani va aholi sonining o‘sishi suvdan oqilona foydalanish naqadar muhim ekanligini ko‘rsatmoqda. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv ta’minoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi.
Tadbirda suv resurslaridan samarali foydalanish davlatimizning ustuvor vazifasiga aylanayotgani, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani qayd etildi.
Yakunda muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilib, suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Axborot xizmati
Veb-saytimiz faoliyatini baholang
Ma'lumotlar jadvali
Yil dasturi
Ma'lumotlar arxivi
Апрель 2026 (1)
Март 2026 (8)
Февраль 2026 (1)
Январь 2025 (1)
Декабрь 2024 (3)
Сентябрь 2024 (1)
