So'nggi yangiliklar

NAVOIYNI HAR KIM O‘QISHI KERAK, HAR KUNI O‘QISHI KERAK

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga
«…turkiy tilda hech kim Navoiydek ko‘p va xo‘p she’r aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi».
Abdurahmon Jomiy. «Bahoriston» dan.
 
Bugun 9-fevral – buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludiga 585 yil to‘ldi.
Navoiy buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi. To‘liq ismi Nizomiddin Mir Alisher. Navoiy taxallusi ostida chig‘atoy (eski o‘zbek tili) hamda forsiyda ijod qilgan. Butun turkiy xalqlar orasida u kabi yirik ijodkor yo‘q.
 
Navoiy ijodi orqali ona tilining cheksiz badiiy imkoniyatlari namoyon bo‘lib, turkiy til yuksak adabiy til darajasiga ko‘tarildi. Shoirning asarlari nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi kun uchun ham chuqur ma’naviy va axloqiy ahamiyat kasb etadi.
 
Tarixiy ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Hirot shahrida tavallud topgan. U yoshligidanoq ilm-fan va adabiyotga katta qiziqish bildirgan, zamonasining yetuk ustozlaridan tahsil olgan. Arab, fors va turkiy tillarni mukammal egallagan Navoiy keng dunyoqarash, teran tafakkur va nozik did sohibi sifatida shakllangan. Hayoti davomida davlat xizmatida faoliyat yuritib, adolat, xalq manfaatlari va ma’rifatni ustuvor qadriyat deb bilgan.
 
Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning:
 
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh
 
matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.
 
Alisher Navoiy ijodi nihoyatda sermahsul va rang-barangdir. U she’riyat va nasrda barobar qalam tebratib, adabiyot tarixida yuksak badiiy mezonlarni belgilab berdi. Uning “Xamsa”si — “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlaridan iborat bo‘lib, Sharq adabiyotida alohida mavqega ega. Ushbu asarlarda muhabbat, sadoqat, adolat, insoniy kamolot va jamiyat masalalari chuqur falsafiy ruhda yoritilgan.
 
Shoirning “Mahbub ul-qulub”, “Lison ut-tayr”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” kabi asarlari Navoiy tafakkurining kengligi va teranligini yaqqol ko‘rsatadi. Ayniqsa, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari orqali u turkiy tilning boyligi va ifoda qudratini ilmiy asosda isbotlab, milliy adabiyot taraqqiyotiga mustahkam poydevor qo‘ydi. Navoiy o‘z asarlari bilan tilni nafaqat aloqa vositasi, balki millat ruhining ifodasi darajasiga ko‘tardi.
 
Alisher Navoiy ijodida insonparvarlik g‘oyalari markaziy o‘rinni egallaydi. U ezgulikni yovuzlikka, adolatni zulmga, ma’rifatni jaholatga qarshi qo‘yadi. Shoir nazarida komil inson — bu ilmli, halol, vijdonli va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etadigan shaxsdir. Bu g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan holda yosh avlod tarbiyasida muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
 
Gulzoda Xurramova,
IIVning 2-son Toshkent  akademik litseyi tarix o‘qituvchisi

Veb-saytimiz faoliyatini baholang




Ma'lumotlar jadvali


«    Апрель 2026    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930 

Yil dasturi




Ma'lumotlar arxivi


Апрель 2026 (1)
Март 2026 (8)
Февраль 2026 (1)
Январь 2025 (1)
Декабрь 2024 (3)
Сентябрь 2024 (1)